Samarqand viloyati fermerlari joriy yilda 88 ming 700 gektar maydonda g‘o‘za parvarishladi. Ayni paytda dalalarda qiyg‘os ochilgan paxta hosilini qisqa fursatlarda sifatli yig‘ib-terib olish yuzasidan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Terimchi va mexanizatorlar, fermer xo‘jaliklari a’zolarining samarali mehnat qilishi va maroqli hordiq chiqarishi uchun zarur sharoit yaratish, ularga sifatli savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish maqsadida viloyatdagi savdo korxonalari tomonidan yuzdan ortiq ko‘chma avtodo‘konlar tashkil etildi.
Viloyat hokimligi tashabbusi bilan Pastdarg‘om tumanida o‘tkazilgan ko‘rgazmali seminarda mazkur ko‘chma do‘konlarni kerakli oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, ular tomonidan sifatli xizmat ko‘rsatilishiga erishish masalalari muhokama etildi.
Seminarda mavsum davomida aholi va terimchilarni zarur maishiy buyumlar, kiyim-kechak va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi. Fermer xo‘jaliklari va tegishli tashkilotlar ta’minotchi korxonalar bilan shartnomalar tuzdi.
Izoh (0)