Avtomobillar ularni ishlab chiqargan kompaniyalar e’lon qilganidan taxminan 45 foiz ko‘proq yoqilg‘i sarflaydi, qog‘ozda ko‘rsatilgan va real raqamlar o‘rtasidagi tafovut yil sayin oshib bormoqda. Bu haqda, Toulouse School of Economics muassasasi olimlarining tadqiqot natijalariga asoslanib, “Kommersant.ru” xabar bermoqda.
Tadqiqotlarga ko‘ra, yoqilg‘i quyish shoxobchalaridan xarid qilingan yoqilg‘i moddalarining hajmi hamda mashinalarning umumiy bosgan yo‘li ko‘rsatkichlari real raqamlarning rasmiy belgilangan yoqilg‘i sarfiga mos kelmasligini ko‘rsatmoqda. Bundan kelib chiqadiki, zararli chiqindilar hajmi haqidagi ma’lumotlar ham haqiqatga mos kelmaydi.
“Bu ma’lumotlarni faqatgina ikki-uchta kompaniya soxtalashtirmaydi. Bu tendensiya Yevropaning barcha yirik avtomobilsozlarida kuzatiladi”, — dedi ekspertlardan biri Matias Reynarts.
Raqamlardagi eng katta tafovut Renault’da kuzatildi, undan keyingi o‘rinlarda Toyota va Ford turibdi.
Loyihaning boshqa ishtirokchisi — Greg Arsherning so‘zlariga qaraganda, oxirgi uch yilda bu borada biror jiddiy o‘zgarish sodir bo‘lmagan.
“Sarf-xarajatni optimallashtirish texnologiyasi mavjud, ammo qalloblik ishlab chiqaruvchiga arzonroq tushadi”, — ma’lum qildi u.
Izoh (0)