Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanidagi Farg‘ona qishloq fuqarolar yig‘inida bir yarim ming nafardan ziyod xonadonda yashovchi aholining toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoji qondirildi. Bu haqda viloyat hokimligining matbuot xizmati xabar berdi.
Jahon banki tomonidan ajratilgan mablag‘ hisobidan nafaqat Farg‘ona qishlog‘i, balki butun Oqoltin tumani aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihasi amalga oshirilmoqda. Hududdagi 34 kilometrlik ichimlik suvi quvurlarini yangilash, uchta suv saqlashga mo‘ljallangan minoralarni ta’mirlash va modernizatsiyalash ishlari davom etayotir. Shu bilan birga, 600 metr kub suv sig‘imiga ega bo‘lgan kanal qazish ham boshlab yuborildi.
Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha ishlar O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2011-yil 28-avgustdagi “Sirdaryo viloyatidagi Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod, Xovos va Boyovut tumanlari markazlari va qishloq aholi punktlarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida bajarilmoqda. Bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarga 100 million AQSh dollari sarflash ko‘zda tutilgan. Ushbu mablag‘ning 88 millioni Jahon banki, 12 millioni hukumat tomonidan moliyalashtirilmoqda.
“Loyiha ishlari 2012–2017-yillar davomida amalga oshiriladi, — dedi viloyat ‘Suvoqova’ tashkiloti rahbari Yunus Jalolov. — Ko‘zlangan vazifalarni bajarish maqsadida Shvetsiyaning Hifaab, Daniyaning Grontmij, Avstriyaning GWCC korxonalari bilan shartnomalar imzolangan. Natijada viloyatdagi 155 ta qishloqda 1164 kilometr quvurlar tortilib, 343 ming nafar aholi xonalonlari toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi”.
Aytilishicha, hozir Xovos tumanidagi Bobur, Binokor, Husnobod, Qahramon, Chamanzor, Turkiston, Sardoba tumanidagi Paxtaobod, Gulzor, Qo‘rg‘ontepa aholi punktlarida suv tarqatish inshootlari va suv minoralari qurilishi jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
Izoh (0)