Joriy yilning 8-sentabrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri zimmasiga vaqtincha yuklash to‘g‘risida o‘ta muhim qaror qabul qildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rahimjon Hakimov fikr bildirdi. Uning so‘zlarini O‘zA keltirdi.
Huquqshunos olim sifatida shuni qayd etishim lozimki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan qabul qilingan mazkur qaror huquqiy nuqtai nazardan Konstitutsiya va qonunlarimizga har tomonlama muvofiq bo‘lib, uni quyidagicha izohlash mumkin:
Birinchidan, Konstitutsiyamizning 10-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston xalqi nomidan faqat u saylagan Oliy Majlis va Prezident ish olib borishi mumkin. Ya’ni, Konstitutsiyamiz Oliy Majlisga xalqimiz nomidan ish ko‘rishga to‘la vakolat bergan.
Ikkinchidan, Konstitutsiyamizning 78-moddasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati birgalikda O‘zbekiston Respublikasi qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi hamda sud hokimiyati organlarining tizimi va vakolatlarini belgilashi, shuningdek, boshqa vakolatlarni amalga oshirishi mumkinligi aniq belgilab qo‘yilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri zimmasiga vaqtincha yuklash to‘g‘risida qaror qabul qilish 78-moddada belgilangan vakolatlardan xam kelib chiqadi.
Uchinchidan, mamlakatimiz hayotiga oid masalalar yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati qo‘shma majlis o‘tkazishi mumkinligi Konstitutsiyamizning 81-moddasi 9-qismi, ularning qaror qabul qilish vakolati esa 82-moddasi 1-qismi bilan mustahkamlab qo‘yilgan. Oliy Majlis palatalarining qarori esa “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasiga ko‘ra qonuniy kuchga egadir.
To‘rtinchidan, Konstitutsiyamizning 96-moddasida O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Prezidenti o‘z vazifalarini bajara olmaydigan hollarda, uning vazifa va vakolatlari Oliy Majlis Senati Raisining zimmasiga vaqtincha yuklatilishi nazarda tutilgan. Ayni paytda Senat Raisi Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisiga murojaat etib, o‘zining tajribasi hozirgi bosqichda mamlakatni ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy rivojlantirish, jamoat xavfsizligini hamda huquq-tartibotni ta’minlashning muhim masalalarini hal etish uchun yetarli emasligi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri zimmasiga vaqtincha yuklatish maqsadga muvofiq ekani bo‘yicha taklif kiritdi. Bu holatda ushbu taklif Oliy Majlis tomonidan ko‘rib chiqilishini cheklovchi biron-bir konstitutsiyaviy qoida yoki norma mavjud emas.
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan qabul qilingan qaror Konstitutsiya va qonunlarimizga to‘la mos keladi. Ayni paytda shuni qayd etish kerakki, Konstitutsiyamizning 16-moddasiga muvofiq, mazkur Konstitutsiyaning birorta qoidasi O‘zbekiston Respublikasi huquq va manfaatlariga zarar yetkazadigan tarzda talqin etilishi mumkin emas. Ayrim qo‘shtirnoq ichidagi ekspertlarning turli Internet sahifalarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining joriy yil 8-sentabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri zimmasiga vaqtincha yuklash to‘g‘risidagi qarori qonuniyligini shubha ostiga olishga qaratilgan urinishlarni Bosh Qomusimizning 16-moddasini qo‘pol ravishda buzish, deya baholashimiz mumkin.
Izoh (0)