XV yozgi paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan 4 nafar sportchi 9-sentabr sanasida musobaqalarga kirgandi. Shulardan 3 nafari festivalni sovrindor sifatida yakunladi.
Avvaliga o‘q otish musobaqasida mamlakat sharafini hilayotgan Server Ibragimovga bronza medali nasib qildi. U 10 metrga pistolatdan o‘q uzish bahslarida ishtirok etgandi.
73 kilogramm vazn toifasigacha bo‘lgan dzyudochilar o‘rtasidagi turnirda Feruz Saidov bronza medali qo‘lga kiritdi. Yarim final chiptasiga ega chiqish uchun o‘zbekistonlik sportchi Jazoirdan tashrif buyurgan Mehdi Meskineni mag‘lub etdi. Final ostonasida Saidov ukrainalik sportchiga imkoniyatni boy berdi. Bronza uchun kurashda esa kubalik Jeraldo Rodrigesdan ustun keldi.
Yana bir o‘zbekistonlik dzyudochi Tursunposhsha Nurmetova mamlakat delegatsiyasiga oltinchi bronzani taqdim etib berdi. 63 kilogrammgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi turnirda muvaffaqiyatli ishtirok etgan Nurmetovaning bu medali O‘zbekiston delegatsiyasi uchun o‘n birinchisi bo‘ldi.
Rio—2016 Paralimpiyasining ilk kunida O‘zbekiston 3 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medaliga ega chiqqandi.
Izoh (0)