Markaziy Osiyo mintaqasi O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining 8-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisidagi nutqida aytib o‘tdi.
“Mamlakatimizning milliy manfaatlarini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasi O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Biz o‘zimizning yaqin qo‘shnilarimiz Turkmaniston, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan ochiq, do‘stona va pragmatik siyosat olib borishga sodiq qolamiz”, — dedi u.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev mamlakat tashqi siyosatining boshqa ustuvor yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tdi:
“Tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi bu Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari bilan aloqalarimizni mustahkamlashdan iborat. Birinchi navbatda, Rossiya Federatsiyasi bilan Strategik sheriklik, Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomalar va boshqa muhim kelishuvlar asosida do‘stona aloqalarni izchil rivojlantirish va kuchaytirish ikki mamlakat manfaatlariga javob beradi va mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan o‘zaro manfaatli va konstruktiv hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish bizning tashqi siyosatimizda ustuvor ahamiyatga ega bo‘lib qoladi.
O‘zbekiston mintaqadagi yaqin qo‘shnimiz hamda global va mintaqaviy muammolarni yechishda muhim rol o‘ynaydigan Xitoy Xalq Respublikasi bilan har tomonlama strategik hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdordir”.
Izoh (0)