Xitoyning Xebey provinsiyasida sug‘urta puli olish uchun bir necha konchini o‘ldirgan jinoiy guruhning besh nafar a’zosi qatl etildi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
21 kishidan iborat jinoiy guruh 2011-yil iyunidan 2012-yil iyuligacha Xandan shahridagi konda 4 nafar konchini o‘ldirdi. Ular o‘z qurbonlarini konda bolg‘a yordamida o‘ldirgan, keyin esa o‘lim baxtsiz hodisa tufayli ro‘y bergani, halok bo‘lganlar ularning oila a’zolari ekanligi haqidagi oldindan tayyorlangan soxta hujjatlar bilan kon egalaridan tovon puli talab qilgan. Jinoyatchilar shu tariqa 270 ming dollarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Jinoiy guruh fosh etildi, ular o‘ldirilganlarning hamkasbi bo‘lib chiqdi.
Ish sudga oshirildi va mahkama guruhning besh nafar a’zosini o‘lim, qolganlarni esa turli muddatlarga qamoq jazosiga hukm qildi.