Argentina poytaxti prokuraturasi Uber kompaniyasi ofislarida, shuningdek, buyurtma qabul qilish uchun uning onlayn-servisidan foydalanuvchi bir necha haydovchining uyida tintuvlar o‘tkazdi, deb yozadi “TASS”.
Jami 13 ta tintuv o‘tkazilgan, ularning kamida yettitasi haydovchilarning uyida olib borilgan. Operatsiya chog‘ida mobil telefonlar, kompyuterlar va bank hujjatlari musodara qilindi.
Bundan tashqari, hukumat kompaniyaning besh nafar rahbari shaxsini aniqladi. Tergovni olib borayotgan prokuror Martin Lapadu aytishicha, servis sayti va dasturi sudya tomonidan qo‘yilgan taqiqqa qaramay, ishlashda davom etayotgani uchun ular 20 kungacha hibsda saqlanishi mumkin.
Uber’dan foydalanuvchi haydovchilar esa yo‘lovchilarni tashish uchun litsenziyasi yo‘qligi tufayli o‘n kun muddatgacha hibsga olinishi mumkin. Ular, shuningdek, ikki yilga haydovchilik guvohnomasidan ayrilishi mumkin. Ayni paytgacha hech kim qo‘lga olingani yo‘q.
Uber Buenos-Ayresda aprel oyida ish boshladi. Ertasi kuniyoq Argentina poytaxti sudi taksichilar kasaba uyushmasidan kelib tushgan da’vo arizasini ko‘rib chiqishga kirishdi va shahar hukumatiga ushbu ish bo‘yicha yakuniy qaror chiqarilguniga qadar, servis ishini to‘xtatib qo‘yishni topshirdi. Kompaniya bunday qarorga bo‘ysunishdan bosh tortdi.