Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) kengashi 13–14-oktabr kunlari Syurixda bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda 2026-yilgi jahon chempionatini 3 ta mamlakatda, 40 ta davlat ishtirokida o‘tkazish imkoniyatini muhokama qiladi. Bu haqda FIFA prezidenti Janni Infantino ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti”.
Xabarda qayd etilishicha, JCh–2026 turnirini o‘tkazish uchun AQSh, Kanada va Meksika birgalikda ariza topshiradi. Infantino FIFA prezidentligiga saylovdan oldin tashkilot rahbari bo‘lsa, jahon chempionatining ishtirokchilar sonini 32 tadan 40 tagacha ko‘paytirish istagi haqida aytib o‘tgandi.
“Ushbu ikki mavzu albatta muhokama qilinadi. Futbol uchun yaxshi bo‘lgan narsalarni cheklash kerak emas. Nima bo‘lishini ko‘ramiz, lekin haqiqatan ham KONKAKAF (Shimoliy va Markaziy Amerika hamda Karib havzasi futbol konfederatsiyasi) jahon chempionatini o‘tkazish huquqini anchadan buyon qo‘lga kirita olmagandi. Menimcha, barchasining imkoni bor. 40 ta terma jamoalar haqidagi fikrim o‘zgarmadi”, – dedi Infantino.
Avvalroq Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) Yevropa chempionati ishtirokchilari sonini 16 tadan 24 tagacha ko‘paytirish hamda Yevro–2020 turnirining qit’aning 13 mamlakatidagi 13 shahrida o‘tkazish haqida qaror qabul qilgandi.
Izoh (0)