“Cho‘qintirgan ota” filmining syomkalarida foydalanilgan, Kaliforniya shtatining Los-Anjeles okrugida joylashgan dala hovli 195 million dollar narx bilan sotuvga qo‘yildi. Bu haqda, WSJ’ga asoslanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Los-Anjeles g‘arbidagi Beverli-Xillz tumanida 1925-yili qurilgan dala hovli AQSh hududidagi eng qimmat ko‘chmas mulk obyektlaridan biri hisoblanadi. Ikki gektar maydonda oltita inshoot, shu jumladan, tungi klub va kinoteatr joylashgan; turar-joy majmui 28 yotoqxonaga ega.
Majmua tarkibiga, shuningdek, bog‘lar, ikkita tennis korti, hovuz va 400 kishiga mo‘ljallangan qabul zonasi kiradi.
Dala hovlini amerikalik me’mor Gordon Kaufman loyihalashtirgan.
Oxirgi paytlarda uy oyiga 600 ming dollarga ijaraga berilayotgan edi.
Ilgari dala hovli xo‘jayini — investor Leonard Ross tomonidan 165 million dollarga baholangan edi.