O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan JCh—2018 3-saralash bosqichidan joy olgan Qatarga qarshi o‘yin oldidan matbuot anjumanida ishtirok etib, jurnalistlar savollariga javob qaytardi, deb yozdi O‘FF matbuot xizmati.
“Ertangi o‘yin qiyin. Qatarda saviyali futbolchilar talaygina. Shunga qaramay ertaga o‘z o‘yinimizni namoyish qilishimiz kerak”, deb gap boshladi Babayan.
“Biz Qatarni yaxshi o‘rganib chiqdik. Ular ishtirokidagi o‘yinlarni ko‘rdik. Har qanday jamoa ham so‘nggi daqiqada gol o‘tkazib yuborishi mumkin. Eronga qarshi oxirgi daqiqada gol o‘tkazib yuborgani — uning zaifligini bildirmaydi”, — dedi O‘zbekiston bosh murabbiyi.
Samvel Babayan, shuningdek, JCh—2018 saralashining 1-turidan joy olgan O‘zbekiston — Suriya o‘yini haqida ham to‘xtaldi: — “Birinchi turda qiyin o‘yin o‘tkazdik. Bir qator vaziyatlardan unumli foydalana olmadik. Qatar esa Eron bilan o‘yinda kamida 1 ochkoni qo‘lga kiritishi kerak edi. Raqibdan kuchsiz o‘ynamadi, ba’zi jabhalarda kuchli ham ko‘rindi. Ammo futbolda xatolar ko‘p narsani hal qiladi”.
Qatar — O‘zbekiston o‘yini 6-sentabr kuni Toshkent vaqti bilan 21:00 da boshlanadi.
Izoh (0)