2016-yil 27-avgust kuni Angren – Pop elektrlashtirilgan yangi temir yo‘l liniyasi orqali Toshkent – Andijon yo‘nalishida birinchi yo‘lovchi poyezdi harakati yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Axborot xizmati ma’lum qildi.

Foto: “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Axborot xizmati

Foto: “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Axborot xizmati

2013-yil 18-iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi qurilishini tashkil qilish chora-tadbirlari” to‘g‘risidagi PQ-1985-sonli qarori qabul qilingan edi. Mazkur qaror asosida, ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Uzunligi 123,2 kilometr bo‘lgan yangi temir yo‘l liniyasi va ushbu loyiha doirasida xitoylik hamkorlar bilan birgalikda uzunligi 19,2 kilometrlik “Qamchiq” tunneli bunyod etildi.

Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasining qurib foydalanishga topshirilishi Farg‘ona vodiysi viloyatlarini O‘zbekistonning boshqa hududlari bilan bog‘ladi.

Foto: “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Axborot xizmati

Foto: “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Axborot xizmati

Joriy yil 11-iyuldan boshlab Angren — Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li orqali yuk poyezdlarining muntazam qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Mazkur temir yo‘l va Qamchiq tunneli foydalanishga topshirilgan kundan boshlab 500 ming tonnadan ortiq yuklar Farg‘ona vodiysiga va vodiydan respublikaning boshqa hududlariga tashildi.