Vyetnamlik ayol sug‘urta to‘lovlarini olish uchun oyog‘ining kafti va qo‘lining bir qismini kesganligi uchun do‘stiga pul to‘ladi. 30 yoshli Lay Trining firibgarligi haqidagi voqeani Vyetnamning “Xalq politsiyasi gazetasi” ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Korrespondent.net”.
May oyida u poyezd ostiga tushib, jabrlanganligini ma’lum qilgan edi. Biroq endi ayol do‘sti Doan Vanga uning qo‘l-oyog‘ini kesishi uchun 2,2 ming dollar to‘laganligini tan oldi.
Ayol sug‘urta kompaniyasidan 150 ming dollar miqdorida tovon puli olishga umid qilgan. U chap qo‘li va chap oyog‘ining uchdan bir qismidan mahrum bo‘lgan.
Uning a’zolarini kesgan sherigi o‘zini tasodifiy guvohga chiqarib, tez yordamga qo‘ng‘iroq qilgan. U Xanoydagi temir yo‘ldan yaralangan ayolni topib olganligini ma’lum qilgan.
Ayol omadsiz biznes yuritganligi va pulga muhtoj bo‘lganligi taxmin qilinmoqda. Politsiya hozircha ayol va uning sherigiga nisbatan ayblov e’lon qilish haqida yakuniy qarorga kelgani yo‘q.
Izoh (0)