Futbol bo‘yicha O‘zbekiston va Burkina-Faso terma jamoalari ishtirokidagi o‘yindan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Maudrissa Traore matbuot anjumanida ishtirok etdi, deb xabar berdi “Championat.asia”.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi darvozasiga gol ura olmagan Afrika qit’asi termasining bosh murabbiyi shogirdlari yomon o‘ynamaganini qayd etdi: — “Uchrashuv natijasidan emas, o‘yin jarayonidan qoniqdik. Yomon o‘ynamadik. Murabbiy sifatida o‘zim uchun kerakli xulosalar chiqarib oldim”.
Burkina-Faso safida Toshkentga asosiy futbolchilar emas, balki terma jamoaga nomzod bo‘lgan mahalliy yigitlar tashrif buyurgani ma’lum qilindi: — “Bu Burkina-Faso termasining mahalliy futbolchilardan tashkil topgan jamoasi edi. FIFA kuni bo‘lmagani uchun asosiy o‘yinchilar Toshkentga kela olmadi”, — deb ta’kidlagan terma bosh murabbiyi.
“O‘yin orqali yangi do‘stlar orttirdik. O‘FFga ajoyib munosabat uchun tashakkurlarim. Futbol bahona O‘zbekistonni yaqindan bilib oldik. Biz bu yerda ta’til o‘tgazgandek bo‘ldik. Ajoyib hordiq chiqarib, ortga qaytyapmiz”, — deya so‘zini yakunladi Maudrissa Traore.
Izoh (0)