23—24-avgust kunlari Toshkentga Riga texnika universiteti Xalqaro biznes va bojxona instituti xodimlari, Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarish bo‘yicha hamkorlik dasturi (BOMKA) ekspertlari Liana Supe va Ilya Afanasyev tashrif buyuradi. Bu haqda BOMKA dasturining “Daryo”ga kelib tushgan press-relizida ma’lum qilindi.
Missiyaning maqsadi O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Oliy harbiy bojxona institutini bojxona mutaxassislarini tayyorlashda masofadan turib o‘qitish konsepsiyasini amalga oshirishda qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Ekspertlar Oliy harbiy bojxona instituti vakillari bilan birgalikda masofaviy ta’lim dasturi mazmuni va uni joriy etishning texnik yechimini muhokama qiladi hamda qurilmani sinovdan o‘tkazadi.
Shuningdek, ta’lim dasturining tarkibiy qismi bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi hamda Riga texnika universiteti va Oliy harbiy bojxona instituti o‘rtasida masofaviy ta’limni joriy etish va amalga oshirishning kalendar rejasi ishlab chiqiladi.
BOMKA dasturi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladi.
Izoh (0)