Angren issiqlik elektr stansiyasida energetika tizimiga qo‘shimcha 130–150 megavatt/soat elektr energiyasi yetkazib beradigan energoblok ishga tushirildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Ayni paytgacha yiliga 600 million kilovatt/soat elektr energiyasi yetkazib bergan Angren issiqlik elektr stansiyasi endi bu ko‘rsatkichni 869,36 million kilovatt/soatga yetkazadi. Olib borilgan islohotlar samarasi faqat elektr quvvatining ortganida emas, balki bu manbani ishlab chiqarishda sarf-xarajatlar miqdorining sezilarli kamayganida ham ko‘rinadi.
Yangi innovatsion loyihaning tezkor qurilish ishlarida mingdan ortiq mutaxassis va ishchilar mehnat qildi. Sohada yuqori natijalarga erishayotgan davlatlar tajribasini o‘rganish maqsadida “Angren issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyatining 21 xodimi Xitoyda malaka oshirib qaytdi.
“Angren” maxsus industrial zonasidagi ishlab chiqarish korxonalarining elektr va issiqlik energiyasi ta’minotini yanada yaxshilashga xizmat qiladigan mazkur loyiha sohada zamonaviy texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Angren issiqlik elektr stansiyasida mehnat qilayotgan mingdan ortiq xodimning asosiy qismi yoshlardir. Joriy yilda yuzga yaqin kasb-hunar kolleji bilan mehnat shartnomalari tuzgan jamiyat yoshlarning aksariyatini yangi o‘rnatilgan texnologiyalarda ishlash uchun jalb qiladi.
Izoh (0)