Rossiya jangovar samolyotlarining Eronning Hamadondagi aviabazasidan parvozlari to‘xtatilmagan. Bu haqda Eron parlamenti raisi Ali Larijoniy ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “TASS”.
“Parvozlar to‘xtatilmagan. Eron va Rossiya terrorizmga qarshi kurashishda ittifoqchi hisoblanadi”, — dedi u.
Shu bilan bir paytda Larijoniy Eronning Hamadondagi Shahid Nuja bazasi hech kimga doimiy asosda berilmaganligi, balki faqat yoqilg‘i quyish uchun foydalanilishini qo‘shimcha qildi.
Mazkur bayonot deputat Mahmud Sodig‘iyning parlament prezidiumiga 20 nafar qonun chiqaruvchining Hamadondagi aviabazadan foydalanish bo‘yicha tushuntirish berish talabi yo‘llanganligini ma’lum qilganligiga javoban bildirildi.
“Talabnoma albatta ko‘rib chiqiladi”, — deya ishontirdi parlament spikeri.
Eslatib o‘tamiz, avalroq Rossiya tomonidan Hamadondagi Shahid Nuja harbiy bazasidan foydalanilishi vaqtinchalik to‘xtatilganligi haqida ma’lum qilingan edi.
Izoh (0)