Gollivud aktyori Leonardo Di Kaprio va uning sevgan qizi daniyalik model Nina Agdal Nyu-York shtatida yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Ulardan hech biri jabrlanmadi. Bu haqda hodisa guvohiga tayanib, New York Post ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “RIA Novosti”.
Hodisa Nyu-York yaqinidagi Saffolk okrugida 20-avgust, shanba kuni soat 16:30 atrofida yuz bergan. Aktyor va uning sevgan qizi ketayotgan Range Rover avtomobiliga ayol kishi boshqarib ketayotgan Mini Cooper kelib urilgan.
Guvohning so‘zlariga qaraganda, aktyor o‘zini ekstremal sharoitda odobli tutgan. U dastlab hamrohining yaxshi ekanligiga ishonch hosil qilgach, yo‘l-transport hodisasida aybdor deb taxmin qilinayotgan ayolga yordam bergan.
Nashrning qayd etishicha, YTH qatnashchilaridan hech kim jabrlanmagan. Di Kaprioning avtomobiliga hech qanday zarar yetmagan, Mini Cooper kuzovining old qismi shikastlangan.