Rio Olimpiadasi oltin medali sohibi, o‘zbekistonlik bokschi Hasanboy Do‘smatov Janubiy Afrikaning Golden Gloves promouterlik kompaniyasi bilan shartnoma imzolagani haqidagi xabarlarni inkor qildi. Bu haqda “Olamsport” ma’lumot berdi.
Xorij matbuotida Do‘smatov Golden Gloves bilan professional shartnoma imzolagani haqida xabar e’lon qilingan edi. Ammo ushbu axborot tasdiqlanmadi. Nashr vakillarining bu boradagi savoliga javob berarkan, sportchi shunday dedi:
“Ochig‘i, bu haqida endi sizdan eshitdim. Men na Golden Gloves va na boshqa promouterlik kompaniyalari bilan shartnoma imzolaganim yo‘q. Bu noto‘g‘ri va hech qanday asosga ega bo‘lmagan ma’lumot”.
“Yo‘q, hech qanday taklif bo‘lgani yo‘q. Bo‘lgan taqdirda ham, ularga beradigan javobim tayin”, — qo‘shimcha qildi yosh chempion.
Do‘stmatov Tokio Olimpiadasida ham ishtirok etish niyati borligini aytib o‘tdi:
“Men to‘rt yildan so‘ng Tokida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi Olimpiadada ham ishtirok etishni maqsad qilganman. Osiyo qit’asida o‘tkaziladigan to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida Olimpiada oltin medalini himoya qilaman. Hozir oldimda turgan eng katta orzuim shu. Aslida, Olimpiya chempioni bo‘ldim va bu bilan xalqimizning, ota-onamning orzusini ro‘yobga chiqardim”.
Izoh (0)