Futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi 26-avgust kuni “Qizilqum” klubiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi. Bu haqda “Championat.asia” “Qizilqum” bosh menejeri Hamid Aktamovga asoslanib xabar berdi.
Bellashuvga Navoiy shahri mezbonlik qiladi. Hamid Aktamov O‘zbekiston olimpiya terma jamoasiga qarshi uchrashuvni muxlislar mustaqillikning yigirma besh yilligi uchun sovg‘a sifatida qabul qilishlarini so‘ragan.
26-avgust kuni Oliy Liga 20-turi doirasida “Qizilqum” — “Paxtakor” uchrashuvi o‘tkazilishi kerak edi. Biroq bu o‘yin noma’lum muddatga qoldirilgan. Uning kunida esa Ravshan Haydarov boshchilik qiladigan O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Navoiy shahriga safar uyushtiradi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi 20-avgust kunidan boshlab yig‘inga kirishadi. 24-avgust kuni Burkina-Faso terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yini bo‘lib o‘tsa, 1-sentabr kuni Suriyaga qarshi JCh—2018 3-saralash bosqichi doirasidagi o‘yin “Bunyodkor” stadionida o‘tkaziladi.
Izoh (0)