Amerikalik suzish ustasi, yolg‘on ko‘rsatma berishda ayblangan Jeyms Feygen Braziliya xayriya jamg‘armasiga 11 ming dollar ehson qiladi. Bu haqda, ABC’ga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
Ushbu kelishuvga suzuvchining sudya va prokuratura vakili bilan uchrashuvi chog‘ida erishildi. Aytilishicha, sportchiga pasporti qaytarilgan bo‘lib, u mablag‘ni jamg‘armaga o‘tkazgani hamon Braziliyani tark etishi mumkin bo‘ladi.
Ilgariroq AQSh milliy olimpiya qo‘mitasi terma jamoaning to‘rt suzuvchisi 14-avgustda Rio-de-Janeyroda tunab ketilganini xabar qildi. Tarqatilgan axborotga ko‘ra, Gunnar Bens, Jek Konger, Rayan Loxte va Jeyms Feygen kechadan so‘ng Olimpiya qishlog‘iga qaytayotganida qurolli shaxslar ular ketayotgan taksini to‘xtatib, o‘zlarini politsiya xodimlari deb tanishtirgan hamda ularning pullari va shaxsiy buyumlarini olib qo‘ygan.
Ammo keyinchalik sportchilar tunab ketilmagani, balki yoqilg‘i quyish shoxobchasida mol-mulkka zarar yetkazgani uchun pul to‘lagani ma’lum bo‘ldi. Loxte va Feygenga qarshi yolg‘on ko‘rsatma berish ayblovi ilgari surildi. Loxte 15-avgust, dushanba kuni AQShga qaytib ulgurgan edi, Bens va Konger esa politsiyaga ko‘rsatma bermagani bois javobgarlikka tortilmadi. Natijada Feygenning o‘zi Braziliya adliyasi qo‘lida qoldi — uning pasporti olib qo‘yildi va yuqoridagi shart ilgari surildi.
Izoh (0)