17-avgust, chorshanba kuni Bryussel aeroportidan Kamerunning Dualu shahriga uchishga tayyorgarlik ko‘rayotgan samolyotning olti nafar yo‘lovchisi noqonuniy muhojirni mamlakatdan chiqarib yuborayotgan politsiyachilarga qat’iy qarshilik ko‘rsatdi. Bu haqda Belgiya OAVlari ma’lumotiga tayanib, “Interfaks” xabar bermoqda.
Chet elliklar va federal politsiya bilan ish olib borish byurosining ma’lum qilishicha, samolyot bortida olti kishi g‘alayon ko‘targan, shundan so‘ng kamerunlik muhojirni kuzatib borayotgan ikki politsiyachi vaziyatni tartibga solish uchun ushbu fuqarolarni samolyotdan tushirishga majbur bo‘lgan. Oqibatda reys kechikib parvoz qildi.
Politsiyachilarning hodisani tasvirlab berishicha, ikki politsiyachi kuzatuvidagi muhojir salonning orqa qismiga joylashtirilgan. Barcha yo‘lovchilar to‘planganda u baqira boshlagan, shundan so‘ng bir necha kishi uni himoya qilgan. Natijada politsiya uch nafar fransuz, ikki nafar nemis va kamerunlikni samolyotdan tushirdi.
Yo‘lovchilarga nisbatan rasmiylarga qarshilik ko‘rsatish bo‘yicha bayonnoma tuzildi.
Izoh (0)