2016-yil 10-avgust kuni O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlab “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Tadbir doirasida Sariosiyo tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatining kapital ta’mirdan chiqarilgan binosining foydalanishga topshirilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda so‘zga chiqqan Sariosiyo tuman hokimi H.Mingboyev va O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi J.Sarimsoqov davlat tomonidan iste’molchi huquq va manfaatlarini himoya qilish, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish tarmoqlari faoliyatini takomillashtirish, iste’mol madaniyatini yuksaltirishga doimiy e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi 2002-yilda tashkil etilgan nodavlat notijorat tashkilotdir. Bugungi kunda uning tizimida 14 ta hududiy birlashma, 193 ta tuman (shahar) jamiyati mavjud bo‘lib, mahalla, korxona, tashkilotlar va muassasalarda 5786 ta tayanch guruhi tashkil etilgan va ularga 487 912 kishi a’zodir.
Izoh (0)