Gobi cho‘lidagi (Mo‘g‘uliston, XXR) musobaqa paytida shotlandiyalik marafonchi Dion Leonardga mitti daydi it qo‘shilib oldi va sportchi bilan birga 100 kilometr masofani yugurib o‘tdi. Bu haqda “SovSport.ru” bloglarida xabar berildi.
O‘zining bu xatti-harakatlari bilan kuchukcha marafonda ulkan shuhratga erishdi. U marafon o‘tkazilgan cho‘l nomi bilan Gobi deb ataldi. Tashkilotchilar Gobidan jiddiy xavotirlanib, hatto eng issiq kunlarda uni keyingi bosqichga qadar mashinada yetkazib borishga urindi. Finish chizig‘ini jonivor yangi xo‘jayini bilan birga kesib o‘tdi.
Juftlik marraga 101 sportchi ichida ikkinchi bo‘lib yetib keldi. Tashkilotchilar hatto shotlandiyalik marafonchining to‘rt oyoqli do‘sti uchun maxsus medal hozirlatdi.
Bu voqeadan so‘ng Leonard yangi do‘stini Buyuk Britaniyaga olib ketishga qaror qildi.
Odamlar internet orqali itni rasmiylashtirish va boshqa mamlakatga olib ketish xarajatlari uchun 5 ming yevrodan ortiq mablag‘ to‘pladi, lekin ushbu jarayon bir necha oyga cho‘zilishi aytilmoqda.