Samarqand shahar hokimligi madaniyat va sport ishlari bo‘limi Amir Temur madaniyat va aholi dam olish markazi hamkorligida Samarqand shahar 24-son umumta’lim maktabida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan “Dunyoda tinchlik bo‘lsin, O‘zbekistonda tinchlik bo‘lsin!” deb nomlangan musiqiy kecha bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Samarqand shahar Amir Temur madaniyat va aholi dam olish markazi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Tadbir doirasida yer yuzida hech qachon Xirosima va Nagasaki shaharlariga tashlangan atom bombasi dahshati ro‘y bermasligi, insoniyat tarixida bunday mudhish halokat qaytarilmasligi g‘oyasi ilgari surildi.
Yadro qurolining qo‘llanilishi insoniyat va borliqni halokatga olib kelganini yoritib beruvchi “Xirosima-Nagasaki xotirasi, umid va ishonch ovozi” deb nomlangan tarixiy hujjatlarga asoslangan film Amir Temur madaniyat va aholi dam olish markazi qoshidagi Internatsional do‘stlik to‘garak rahbari Ionesov Anatoliy Ivanovich tomonidan ilk marotaba namoyish etildi.
Tadbirda Sadako Sasaki, yosh yapon qizini atom bombasi ta’siridan dahshatli kasalga chalinish voqeasi hikoya qilinib, yig‘ilganlarga qog‘ozdan turnacha yasash taqdimoti tashkil qilindi. Tadbir so‘ngida barcha ishtirokchilarga tinchlik ramzi bo‘lgan turli rangdagi turnachalar sovg‘a qilindi.
Izoh (0)