Rio–2016 Olimpiada o‘yinlari yunon-rum musobaqasining 59 kilogrammgacha vazn toifasida ishtirok etgan o‘zbekistonlik Elmurod Tasmurodov 15-avgustga o‘tar kechasi O‘zbekiston olimpiya terma jamoasiga to‘rtinchi bronza medalini taqdim qildi. Mazkur muvaffaqiyatdan so‘ng Tasmuradov Olimpiada o‘yinlarida sovrindor bo‘lishini tushida ko‘rganini aytdi, deb xabar bermoqda “Sport-Ekspress”.
“Olimpiada o‘yinlarida medal yutishimni bilgandim. Musobaqa boshlanishidan avval mamlakatimiz bayrog‘ini ko‘tarib, gilamda yugurayotganimni tushimda ko‘rgandim. Kecha ham yaqinlarimga: ‘Xavotir olmanglar, men medal olaman’ dedim. Albatta, oltin medalga umid qilgandim, lekin bronza ham juda yaxshi natija.
Agar uchinchi o‘rin uchun bahsda mag‘lub bo‘lganimda, o‘zimni kechira olmasdim. Men uchun mamlakatimiz aholisi, federatsiya rahbariyati, murabbiylar, yaqinlarim va muxlislar qayg‘urdi. Men ularga pand berib qo‘ysam bo‘lmasdi”, – dedi Tasmurodov.
Izoh (0)