BMT bosh kotibi Pan Gi Munning Yaman bo‘yicha maxsus elchisi Ismoil uld Shayx Ahmad mamlakatda o‘t ochishni to‘xtatish rejimining buzilishini keskin qoraladi. Bu haqda u 12-avgust, juma kuni Jenevada ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
“O‘t ochishni to‘xtatish rejimining buzilishi nomaqbuldir va bu tinchlikka olib kelmaydi. Bu jarayon har bir tomonning yon bosishini talab qiladi. O‘t ochishni to‘xtatish rejimi amal qilyapti, ammo uning buzilishi Yamanning tinch aholisiga ta’sir o‘tkazmoqda”, – dedi Ismoil uld Shayx Ahmad.
Maxsus elchi barcha tomonlarni sabr ko‘rsatishga, tinchlikni buzadigan hech qanday xatti-harakat qilmaslikka va mojaroning siyosiy tartibga solinishiga chaqirdi.
2016-yilning 11-aprelidan buyon Yamanda hukumat kuchlari va harbiylashgan “Ansarulloh” guruhi o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi amal qilib kelmoqda. 21-aprel kuni esa Kuvaytda mojaro ishtirokchilari vakillari bilan muzokaralar boshlandi.
Yamandagi qarama-qarshilik 2014-yilning avgust oyidan buyon davom etib, 2015-yilning mart oyida Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiyaning mamlakatga kirishi oqibatida avjiga chiqdi. BMTning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, qurolli hujumlar oqibatida 6,4 ming kishi halok bo‘ldi, yana 30 ming nafardan ortig‘i turli jarohatlar olgan.
Izoh (0)