Turkiyadagi harbiy to‘ntarishga urinishdan so‘ng turk harbiy xizmatchisi AQShdan boshpana so‘radi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lumotiga tayanib, “RBK” xabar bermoqda.
Agentlik manbalarining ma’lum qilishicha, ofitser Norfolk (Virjiniya shtati)da joylashgan NATO qurolli kuchlarining birlashgan shtab-kvartirasida ishlagan. Uning ismi va unvoni ma’lum qilinmagan.
Vashingtondagi Turkiya elchixonasi manbasining ma’lum qilishicha, gap turk kontr-admirali Mustafo Ugurlu haqida borayotgan bo‘lishi mumkin. Turkiyada uni qo‘lga olish uchun order chiqarilgan. Biroq 22-iyul kuni Ugurlu o‘z hujjatlari, jumladan, shaxsiy guvohnomasini bazada qoldirib ketgan va shundan so‘ng u haqda hech kim xabar eshitmagan.
AQShdan Turkiyaga pastroq lavozimni egallagan yana ikki ofitserning chaqirib olinganligi ma’lum qilinmoqda. Agentlikning ta’kidlashicha, turk harbiyi tomonidan AQShdan boshpana so‘rab murojaat qilinishi birinchi bu kabi holat bo‘lib, bu ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatning yomonlashishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Izoh (0)