Eronning sobiq prezidenti Mahmud Ahmadinajod 8-avgust kuni AQSh prezidenti Barak Obamaga yo‘llagan maktubi bois jurnalistlar, siyosatchilar va faollar tomonidan keskin tanqid ostiga olindi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
O‘z maktubida Ahmadinajod Eronga muzlatilgan aktivlarning 2 milliard dollarlik qismini qaytarmaslik haqidagi qarorni bekor etishni talab qildi. Joriy yil bahorida AQSh federal sudi shu qarorni qabul qilib, ushbu mablag‘ni 1983-yilda Bayrutda sodir etilgan teraktda halok bo‘lgan amerikalik harbiy xizmatchilarning oilalariga yordam tariqasida bo‘lib berishni belgilagan edi.
Ahmadinajodning maktubiga javoban bir qator rasmiy shaxslar va jurnalistlar sobiq prezidentni keskin tanqid ostiga oldi. Chop etilgan materiallarda ilgari surilgan umumiy mazmuni — Ahmadinajod kim bilan xohlasa, o‘sha bilan shaxsiy yozishmalar olib borishi mumkin, lekin rasman (ayniqsa “Islom Respublikasining eng yovuz dushmanining rahbari bilan”) yozishma olib borishga haqli emas.
Jumladan, nufuzli “Jumhurii islomiy” gazetasining yozishicha, 2017-yil may oyida o‘tadigan prezidentlik saylovlari arafasida Ahmadinajod o‘ziga bo‘lgan qiziqishni orttirmoqchi, shu maqsadda Obamaga yo‘llangan maktub esa muvaffaqiyatsiz PR-aksiyadan boshqa narsa emas.
Parlamentning milliy xavfsizlik va tashqi siyosat qo‘mitasi a’zosi Hashmat Falohatpesha esa Ahmadinajod qabul qilishga urinayotgan tashqi siyosiy qadamlar hech qanday natijaga olib kelmasligini ta’kidlab o‘tdi.
Mahmud Ahmadinajod 2005–2013-yillarda Eron prezidenti bo‘lgan. Eron konstitutsiyasi bir kishi ketma-ket ikki martadan ortiq ushbu lavozimni egallashini taqiqlashi bois Ahmadinajod uchinchi mandat uchun kurasha olmas edi, ammo u 2017-yilning 19-may kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlarda ishtirok etishi mumkin.
Izoh (0)