O‘zbekistonning UMS aloqa operatori logotipidagi tuxum belgisi olib tashlandi. 8-avgust, dushanba kuni operatorning Facebook’dagi rasmiy sahifasida yangi logotip e’lon qilindi.
Kompaniya rasmiy saytida ham logotip o‘zgargan — unda tuxumsiz, U, M va S harflaridan iborat savdo belgisini ko‘rish mumkin. UMS logotip o‘zgarishi yuzasidan Facebook’dagi rasmiy sahifasida ham, rasmiy saytida ham izoh bermagan.
O‘zbekistonlik taniqli dizaynerlardan biri Azamat Shomuzaffarov esa kompaniyaning yangi logotipi qanday bo‘lishi kerakligi borasida o‘z takliflarini bildirgan:
5-avgust kuni UMS’ning muassislaridan biri hisoblangan Rossiyaning “MTS” kompaniyasi “bir qator biznes-sabablarga va boshqa shart-sharoitlarga ko‘ra” UMS’dagi ulushini sotishga qaror qilgani ma’lum bo‘lgan edi. O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligining ma’lum qilishicha, “MTS” o‘z ulushini ixtiyoriy ravishda sotgan va uning O‘zbekiston tomoniga hech qanday e’tirozi yo‘q.
Ayni vaqtda, UMS o‘z faoliyatini uzoq muddatli strategiya hamda 2029-yilga qadar mo‘ljallangan uyali aloqa xizmatlarini ko‘rsatish litsenziyasi asosida davom ettirishini ma’lum qilgan. Kompaniya 2014-yilning 1-dekabrida O‘zbekiston hududida mobil aloqa tarmog‘i tijoriy ekspluatatsiyasini yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, 2016-yil boshidagi holatga ko‘ra abonentlari soni 1,095 milliondan oshgan edi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.