Amerikaning Kaliforniya shtati San-Fransisko shahrida yosh yigit ommabop Pokemon Go mobil o‘yinini o‘ynayotgan vaqtda noma’lum kishi tomonidan otib tashlandi, deb yozadi “TASS”.
Los Angeles Times ma’lumotlariga ko‘ra, mahalliy kollejning 20 yoshli talabasi Kelvin Rayli San-Fransiskoning mashhur port tumani yaqinidagi bog‘da sayr qilib, Pokemon Go o‘ynayotgan paytda unga noma’lum shaxs yaqin kelgan va uning orqasiga o‘q uzgan. Talaba voqea joyida vafot etgan.
Huquq-tartibot organlari xodimlari xabariga ko‘ra, hujum qilgan shaxs Raylini talashga urinmagan, qotillikdan so‘ng noma’lum tomonga qarab qochib qolgan, xolos. Politsiyachilar ishonch bildirishicha, hodisa sayyohlar orasida mashhur joyda sodir bo‘lgani tufayli, guvohlarni topish qiyin kechmaydi.