BMT bosh kotibi Pan Gi Mun 7-avgust, yakshanba kuni Janubiy Sudandagi qurolli to‘qnashuvlarni zudlik bilan bas qilish hamda aholiga qarshi zo‘ravonliklar va boshqa jinoyatlarga nuqta qo‘yishni talab qildi, deb yozadi “TASS”.
Yozma bayonotida u Davlatlararo taraqqiyot tashkilotining tinch aholini himoya qilish uchun mamlakatga harbiy kontingent yuborish haqidagi qarorini ma’qulladi.
Pan Gi Mun nizoning barcha tomonlari tinch aholini himoya qilish bo‘yicha o‘z vazifalarini yodda tutishi kerakligini ta’kidladi, shuningdek, jinoyatlarni amalga oshirishda aybdorlar javobgarlikka tortilishi bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rilishini talab qildi.
2013-yil dekabrida Salva Kiir tomonidan qo‘zg‘olonchilarning sobiq yetakchisi, o‘zining o‘rinbosari Riyek Masharning lavozimidan bo‘shatishi Janubiy Sudanda mojaroning kelib chiqishiga sabab bo‘ldi. Ikki siyosatchi o‘rtasidagi qarama-qarshilik tufayli ularning tarafdorlari, ikki xil millat vakillari o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘lishi tezlik bilan avj oldi. Buning natijasida 10 mingga yaqin kishi halok bo‘ldi, 2,2 million aholi qochoqqa aylandi.
2015-yilning avgust oyida Kiir va Mashar tinchlik kelishuvini imzoladi. Shu yilning yanvar oyidan boshlab ular milliy birlik o‘tish hukumati tuzishga kelishib oldi. 26-aprel kuni Mashar vitse-prezident lavozimiga qayta o‘tish uchun mamlakat poytaxti Juba shahrida qasamyod keltirdi.
28-aprel kuni prezident hukumatning yangi tarkibini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Kiirning partiyasi Mudofaa va Moliya vazirliklarini, Mashar tarafdorlari esa Ichki ishlar vazirligi va neft ishlarini boshqaradi. Qolgan muxolifatchilar Tashqi ishlar vazirligi va Qishloq xo‘jaligi vazirliklarini boshqaradi. Yangi mahkama 24-iyun kuni qasamyod qilgandi.
8-iyul kuni esa mamlakat prezidenti Salva Kiir tarafdorlari va Riyek Masharni qo‘llab-quvvatlovchi sobiq isyonchilar o‘rtasida tartibsizliklar kelib chiqdi.