Rossiyaning Buryatiya respublikasida yashovchi erkak Baykal ko‘lida cho‘kayotgan xotinini qutqarishga yordam bergan yosh yigitlar jamoasiga pichoq bilan tashlandi, buning oqibatida yigitlardan biri hayotdan ko‘z yumdi, yana biri shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Tergov ma’lumotlariga qaraganda, gumondor Baykal bo‘yida, Ust-Barguzin qishlog‘idan 4 kilometr narida rafiqasi bilan spirtli ichimliklar ichib o‘tirgan edi. Ular cho‘milishga qaror qildi, lekin bir muddatdan so‘ng ayol cho‘ka boshladi. Shu atrofda dam olayotgan yoshlar jamoasi uning qichqiriqlarini eshitib, yordamga oshiqdi. Ular jabrlanuvchi ayolni sohilga olib chiqishda ko‘maklashdi.
Ammo mast bo‘lgan erkak ularning xatti-harakatlarini egrilikka yo‘yib, janjal ko‘tardi, so‘ng o‘z qo‘nimgohiga ketib, pichoq bilan qurollandi va yigitlarni kuta boshladi. Yoshlar ayolni o‘ziga keltirib, uni o‘sha tomonga kuzatib qo‘ydi. Ammo ularning qarshisidan qo‘lidan pichoq tutgan er chiqdi.
Erkak yigitlardan birining soniga, yana birining iyagiga pichoq soldi. Sonidan yaralangan kishi ko‘p qon yo‘qotishi oqibatida olamdan o‘tdi. Ikkinchi yaradorga tibbiy yordam ko‘rsatildi, uning hayoti xavf ostida emas.
Jinoyatchi qo‘lga olindi. So‘roq chog‘ida u yoshlar to‘dasidan o‘zini himoya qilish maqsadida pichoq bilan qurollanganini iddao etdi.