Futbol bo‘yicha Yevropa Ligasi musobaqasida 3-bosqich o‘yinlari o‘z yakuniga yetdi va navbatdagi bosqichga yo‘llanma olgan 29 ta klub nomi ma’lum bo‘ldi.
E’tiborga molik 2 ta natija qayd etildi. Rossiyaning “Spartak” klubi Kiprda “AEK” bilan 1:1 hisobida durang o‘ynab, javob o‘yini oldidan yaxshi imkoniyat hosil qilgandi. Moskvada bo‘lib o‘tgan javob o‘yinida “Spartak” 0:1 hisobida yengildi. Golsiz durang rus klubini navbatdagi bosqichga olib chiqardi. Biroq jamoa 89-daqiqada gol o‘tkazib yubordi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedov harakat qiladigan “Krasnodar” esa navbatdagi bosqichga qiyinchiliksiz yo‘l oldi. Maltaning “Birkira” klubi mehmoni bo‘lgan krasnodarlik futbolchilar 3:0 hisobida muvaffaqiyat qozongandi. “Kuban” stadionida esa 3:1 hisobi qayd etildi. Odil Ahmedov bellashuvda ishtirok etmadi.
Angliyaning “Vest Hem” klubi Sloveniyada “Domjale”dan 1:2 hisobida yengilgandi. Londonda esa 3:0 hisobida zafar quchdi. Sheyxu Kuyate uchrashuvda dubl qayd etdi. “Vest Hem”ning yangi haridi Sofian Feguli esa uchinchi golni o‘z nomiga yozib qo‘ydi.
MDH tasnifiga kiruvchi mamlakat jamoalaridan Ukraina va Belarusning 2 tadan, Latviyaning esa 1 ta jamoasi Yevropa Ligasi bilan xayrlashdi. Ozarbayjonning “Gabala” klubi esa ikki o‘yin natijasiga ko‘ra Fransiyaning “Lill” jamoasini turnirdan chiqarib yubordi va navbatdagi bosqichga yo‘l oldi.
Izoh (0)