Olimlar fregatlarning parvozdagi elektroensefalogrammalarini o‘rganib chiqib, qushlar uchish paytida uxlash qobiliyatiga egaligini tasdiqladi. Ular miyasining ikki pallasini bir paytda yoki navbatma-navbat uyquga ketkizishi mumkin, bunda qushlarga sutkasiga bir necha daqiqalik uyqu yetarli bo‘ladi, deb xabar beradi “Interfaks” Nature Communications nashriga asoslanib.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, ayrim qushlar bir necha kun va hafta davomida havoda qolishi mumkin. Ammo parvoz katta diqqatni talab qiladi, shu bois qushlar uxlab, hordiq chiqarishi lozim bo‘ladi. Shu bois ko‘pgina olimlar qushlar miyasining ikki pallasi navbatma-navbat uyquga ketadi, degan taxminda. Bu fikr Nils Rattenborg va uning hamkasblari olib borgan tadqiqotlarda tasdiqlandi — ular tunlash uchun uyushgan guruh chetidagi o‘rdaklar miyasining bir tomoni bilan uxlab, teskari tomondagi ko‘zini ochiq qoldirishi va atrofdagi vaziyatni kuzatishini aniqladi.
Boshqa tomondan, bir necha yil muqaddam Rattenborg va Syurixdagi Shveysariya oliy texnika maktabida ishlovchi neyrobiolog Aleksey Visotskiy erkak balchiqchi qushlar uch kunlik urg‘ochilar bilan qo‘shilish davrida deyarli mutlaqo uxlamay, faollikni saqlab qolishini ko‘rsatib berdi. Bu natijalar ayrim qushlarning uzoq muddatli uyqu deprivatsiyasiga yuqori darajada moslashganini ko‘rsatadi. Bu esa, o‘z navbatida, ularga uzoq parvozlar chog‘ida qo‘l keladi.
Shu paytga qadar bevosita parvoz chog‘ida uyquni neyrofiziologik kuzatish ishlari amalga oshirilmagan edi, shu bois Rattenborg, Visotskiy hamda ularning hamkasblari olib borgan tadqiqotlar bu ma’noda birinchisi bo‘ldi.
Olimlar katta fregatlarning (Fregata Minor) elektroensefalografiyasini (EEG) o‘tkazishga mo‘ljallangan mitti uskunalarni ishlab chiqdi. Ushbu yirik dengiz qushlari haftalab va hatto oylab yemak qidirib okean uzra parvoz qilishga qodir. Uskunalar jarrohlik yo‘li bilan Galapagos orolidagi Ekvador milliy bog‘ida istiqomat qiluvchi 15 urg‘ochi fregat miyasining qattiq qatlamiga o‘rnatildi. Yarim millimetr o‘lchamdagi, tilla suvi yuritilgan datchiklar yupqa simlar orqali qushning terisiga mustahkamlangan to‘plagichga ma’lumot yuboradi. Akselerometrlar, GPS datchiklari va quvvat manbai ham shu yerda joylashgan bo‘lib, uskunalarning umumiy massasi 55 grammni tashkil etdi.
Qayta tiklanish muddatidan so‘ng fregatlar ov qilish uchun okeanga yo‘l olib, 10 kunlik uzluksiz parvoz davomida 3 ming kilometrgacha masofani bosib o‘tgani kuzatildi. Galapagosga qaytib kelgan hamon 15 urg‘ochidan 14 nafari ushlanib, ulardan uskunalar yechib olindi.
To‘plangan ma’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, qushlar sutkaning asosiy qismi mobaynida tetik qolgan ekan. Ammo tunlari EEG miya qisqa muddatga sekin to‘lqinli uyqu holatiga xos faollikka ko‘chganini qayd qilgan edi. Bunday uyqu bir necha daqiqa davom etgan bo‘lib, miyaning ikki pallasini ham birdaniga, ham navbatma-navbat qamrab olgan bo‘lishi mumkin. Akselerometrlar ko‘rsatkichlariga qaraganda, bir tomonlama uyqu fregatlarning havo oqimida sekin va bahuzur qanot qoqishi vaqtiga to‘g‘ri kelgan. Bu oqimlardan spiralsimon ko‘tarilar ekan, fregatlar, yuqorida tavsiflangan o‘rdaklar kabi, tashqariga qarab turgan ko‘zi bilan atrofni kuzatib turgan.
Bundan tashqari, EEG ikki tomonlama uyquni qayd qilgan paytda ham fregatlar parvozni to‘liq nazorat qilishda davom etgan. Datchiklar o‘sha lahzada bo‘yin mushaklarining bo‘shashganini qayd qilgan, bu esa qushlar qisqa muddat boshini osiltirib pinakka ketganidan dalolat beradi. Umuman, fregatlar kuniga o‘rtacha 42 daqiqa mudroq holatda bo‘lishi aniqlandi.
Fregatlar yerda bo‘lganida kuniga o‘rtacha yetti soat uxlaydi. Shu tariqa, parvozdagi uyqu davomiyligi odatdagi uyqu vaqtining 7 foizini tashkil etadi. Uyqu deprivatsiyasi davomida organizmni tetik holda saqlashga qushlarga qanday mexanizmlar yordam berishi hozircha ma’lum emas. Rattenborgning fikricha, bu masalaning yechimi uyqu tabiatini hamda uyqusizlik oqibatlarini tushunishga yordam berishi mumkin.
Izoh (0)