Futbol bo‘yicha Yevropa Chempionlar Ligasida uchinchi bosqich o‘yinlari to‘liq o‘z nihoyasiga yetdi.
3-avgust kungi natijalariga ko‘ra, Rossiyaning “Rostov” klubi navbatdagi bosqichda ishtirok etadigan bo‘ldi. Ukraina vitse-chempioni “Shaxtyor” va Qozog‘iston chempioni “Astana” esa Chempionlar Ligasi bilan xayrlashdi.
Belgiyada “Anderlext” mehmoni bo‘lgan “Rostov” 2:0 hisobida muvaffaqiyat qozondi. Kristian Noboa 28-daqiqada rostovliklarni hisobda oldinga olib chiqqan bo‘lsa, 47-daqiqada eronlik Sardor Azmun g‘alabani mustahkamlovchi golga mualliflik qildi.
O‘z maydonida Shveysariyaning “Yang Boyz” klubini 2:0 hisobida mag‘lub etgan Ukrainaning “Shaxtyor” klubi, safarda xuddi shu hisob bilan yengildi. Penaltilar seriyasida esa omad Shveysariya jamoasiga kulib boqdi — 4:2.
Qozog‘iston chempioni sifatida Chempionlar Ligasining guruh bosqichi sari harakat qilayotgan “Astana” Shotlandiyada “Seltik”dan 1:2 hisobida yengildi va turnirni tark etdi.
Yevropa Chempionlar Ligasining guruh bosqichida ishtirok etish uchun hal qiluvchi raundga yo‘l olgan jamoalar bilan tanishing:
“Rostov” (Rossiya), “Yang Boyz” (Shveysariya), “Monako” (Fransiya), “Ayaks” (Gollandiya), “Styaua” (Ruminiya), “APOEL” (Kipr), “Dinamo Zg” (Xorvatiya), “Xapoel” (Isroil), “Seltik” (Shotlandiya), “Legiya” (Polsha), “Viktoriya” (Chexiya), “Kopengagen” (Daniya), “Dandolk” (Irlandiya), “Ludogorets” (Bolgariya), “Zalsburg” (Avstriya).
Guruh o‘yinlari uchun hal qiluvchi bosqich 16—17-avgust kunlari bo‘lib o‘tadi, javob bellashuvlari 23—24-avgustga tayin qilingan.
Izoh (0)