Kuba poytaxti Gavananing Boyeros munitsipiyida turar-joylar penoplastning bir turi bo‘lmish polistiroldan qurilgan Kapdevila 1 tajribaviy mavzesi qad ko‘tardi. Bu haqda, Economia Cuba nashriga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
Qurilish ishlarini amalga oshirgan Cassaforma Mediterraneo C.A. korxonasi ichi polimer materialga to‘ldirilgan panellardan uy qurdi. Ularning tashqi tomoni ob-havoga bardoshli po‘lat panjara bilan qoplanadi, buning natijasida uylar baquvvat bo‘ladi va uzoq muddat egalariga xizmat qiladi. Bunday binolar kamida 50 yilga mo‘ljallanishi aytilmoqda.
Panel materiali ovozni yaxshi bosadi, issiq havoda esa bino ichida salqinlikni saqlaydi. Bundan tashqari, yangi texnologiya uylarni qisqa muddatda qurish imkoniyatini beradi.
Hukumat shu yo‘l bilan shaharning tarixiy qismidagi eskirgan uylar bilan bog‘liq muammoni hal qilishni rejalashtirmoqda.
Izoh (0)