Hindiston hukumati Saudiya Arabistonidagi 10 mingga yaqin ishsiz hindistonlikni evakuatsiya qiladi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj parlament oldidagi chiqishida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
“Hech qaysi bir ishchimiz u yerda ochlikdan aziyat chekmaydi. Men buni parlament orqali mamlakatga ma’lum qilaman. Biz barchani Hindistonga qaytaramiz”, – dedi Sushma Svaraj.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, daromad topish uchun Saudiya Arabistoniga kelgan Hindiston fuqarolaridan 10 mingga yaqini qiyin holatda qolib ketdi – neft narxining pasayishi ularning ishsiz va pulsiz qolishiga sabab bo‘ldi. Saudiyadagi qurilish va boshqa kompaniyalar inqiroz tufayli o‘z faoliyatini to‘xtatishga va ishchilarni bo‘shatishga majbur bo‘lmoqda. Ishsiz qolganlarda na ortga qaytadigan chipta uchun va na oziq-ovqat uchun puli bor. Ularning aksariyati ochlikdan aziyat chekmoqda.
Hindiston Tashqi ishlar vazirining ma’lum qilishicha, Nyu-Deli ortga qaytishga imkoni bo‘lmagan fuqarolarga gumanitar yordam yo‘naltirdi.
Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, Saudiya Arabistonida 3 millionga yaqin Hindiston fuqarolari bor. Ishsizlarning soni ko‘payishi kutilmoqda. Shuningdek, qo‘shni Kuvaytdagi ishsizlar soni ham ko‘payishi mumkin.
Izoh (0)