Kyoln shahri sudi to‘rt nafar rossiyalik futbol fanatini ispaniyalik sayyohlarga hujum uyushtirishda ayblab, shartli ravishda ozodlikdan mahrum qildi, deb xabar berdi “RBK”.
Fanatlardan biri shartli 1 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan bo‘lsa, yana 3 tasi 10 oy muddat davomida jazosini o‘taydi. Beshinchi rossiyalik fanat janjalda ishtirok etmagani, uni faqatgina tomosha qilgani haqida sud zalida ko‘rsatma berdi. Sud unga nisbatan hukmni 17-avgust kuni e’lon qiladi.
Sudlanganlardan ikkitasi oshpaz, bittasi menejer, yana biri moliya sohasi tahlilchisi bo‘lsa, so‘nggisi matematika fanidan dars beradi. Sud jarayonida ular yuzlarini yopib olgan va so‘nggi so‘zni aytishdan bosh tortgan.
Ispaniyalik sayyohlarga hujum 16-iyun kuni rossiyalik fanatlar Fransiyadan qaytib kelayotganda sodir bo‘lgan. Ular tranzit reysni amalga oshirish uchun Kyoln variantini tanlagan. Uch nafar ispaniyalik sayyohdan ikkitasi jiddiy jarohatlangani aytilgan.
Avvalboshi qo‘lga olinganlar 6 nafarni tashkil qilgandi. Biroq politsiya oltinchi ayblanuvchi janjalda ishtirok etmaganini tasliqlab, uni qo‘yib yuborgan.
Rossiyalik fanatlarga Germaniya jinoyat kodeksining uchta moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilingan: jamoat tartibini buzish, tan jarohati yetkazish va politsiyaga qarshilik ko‘rsatish. Rossiyaning Berlindagi elchixonasi matbuot kotibining qayd etishicha, mazkur holat yuzasidan beriladigan maksimal jazo 3 yildan 10 yilgacha bo‘lishi mumkin.
Izoh (0)