Exxon Mobil kompaniyasi vakillari 29-iyul, juma kuni 2016-yilning aprel-iyun oylaridagi choraklik daromad 59 foizga tushib ketganini ma’lum qildi. Bunga xom ashyo narxining tushishi sabab bo‘ldi, deb xabar bermoqda “RBK”.
Sof daromad hisobot davrida 1,7 milliard dollarni tashkil etdi — o‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 4,19 milliard dollarga teng bo‘lgan edi. Bundan tashqari, neft qazib olish 0,6 foizga tushib, kuniga 3,9 million barrelni tashkil etdi.
2016-yil ikkinchi choragida kompaniya kapital kiritmalari hajmini 38 foizga — 5,16 milliard dollargacha qisqartirdi. Ammo xarajatlarning qisqartirilishi neft narxi tushishining o‘rnini to‘ldirishga kamlik qildi.
Kompaniya ijrochi direktori Reks Tillersonning so‘zlariga qaraganda, daromadning tushishi “o‘zgaruvchan sanoat muhiti”ga javobdan boshqa narsa emas.
“Natijalar Exxon biznes modelining yashovchanligini tasdiqladi”, — qo‘shimcha qildi u.
Izoh (0)