Braziliyalik og‘ir atletikachi vazn yig‘ish uchun har kuni tunda makaron yeganini ma’lum qildi

Braziliyalik og‘ir atletikachi Sarayva Reys vazn yig‘ish uchun har kuni tungi soat 03:00 da katta porsiyada makaron yeganini aytdi. Bu haqda sportchi Rio–2016 Olimpiadasi rasmiy saytiga ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

“Ovqat men uchun lazzat hisoblanmaydi. Men ovqatdan umuman huzur olmayman, chunki ovqatni vazn yig‘ish va uni saqlash uchun yeyishim kerak. Yegulik men uchun benzinga o‘xshaydi – mening ‘dvigatelim’ doim ovqat talab qiladi”, – dedi og‘ir atletikachi.

Vazni 146 kilogramm bo‘lgan Sarayva Reys ertalab soat 8:00 dan boshlab kuniga yetti mahal ovqatlanishini aytdi. Nonushtaga u 10 ta tuxum yeydi. Kun davomida esa u sendvich, meva, kartoshka, makaron va oqsillar iste’mol qiladi. “Uyimda oqsil uchun har kunga mo‘ljallangan katta miqdorda qizil go‘sht bor. Steyk – mening sevimli ovqatim. Men qancha yeya olsam, shuncha yeyman”, – dedi Reys.

“Vazn to‘plaganimda har kuni kechasi soat 03:00 da uyg‘onib, katta porsiyada makaron yeyishim kerak edi. Bu men uchun zavqli mashg‘ulot emasdi, chunki ovqat tanovul qilgandan keyin uxlay olmasdim”, – deya qo‘shimcha qildi sportchi.

Eslatib o‘tamiz, Rio–2016 Olimpiada o‘yinlari 5–21-avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.

↓ KEYINGI XABAR ↓
Boshiga chiqing