Biz jaziramadan azob chekib, konditsioner va ventilyatorlar bilangina jon saqlab turgan bir paytda, bir necha ming yillardan buyon hatto cho‘ldagi hayotni yashashga moslashtiradigan va suvni deyarli muzlaydigan darajagacha sovitadigan qurilmalar mavjud bo‘lib kelmoqda, deb yozadi “Chispa1707.livejournal.com”.
Badgirlar — fors shamol tutqichlari bo‘lib, ular sahrodagi uylarni salqingina xonaga aylantirgan. Buning ustiga, ular ekzotik estetika va dag‘alroq bejirimlikdan xoli emas.
Badgirlar qachon paydo bo‘lganini hech kim aniq bilmaydi, ammo Eronda ularni ikki ming yildan ortiq vaqtdan buyon qurib kelishadi. Shunga o‘xshash inshootlar misrliklarda ham bo‘lgan, ular “malkaf” deb atalgan.
Ular ulkan quvur ko‘rinishida bo‘lib, binoning yerto‘lasidan boshlanib, xonalardan o‘tib, uy tepasigacha chiqqan. Ularni bekorga shamol tutqichlari deb atashmaydi. Badgirlarning mohiyati shundan iboratki, ular yuzadan o‘tadigan har qanday shamolni tutib, bosimlar o‘rtasidagi farq hisobiga, uni pastga yo‘naltiradi va butun bino bo‘ylab olib o‘tadi.
Ushbu qurilmalar butun bir bino uchun bir vaqtning o‘zida ham ventilyatsiya, ham radiator vazifasini o‘taydi. Badgirlar uyni jaziramadan xoli qilish bilan birga, ganatlar, ya’ni yer osti kanallari va suv omborlarini sovitish uchun ham foydalanilgan. Bu holatda samaradorlik shunchalik katta bo‘lganki, omborlardagi suv muzlaydigan darajagacha sovigan.
Izoh (0)