Turkiyadagi harbiy to‘ntarishga urinish vaqtida mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on to‘xtagan “Marmaris” mehmonxonasiga hujum qilgan harbiylar uni tiriklayin qo‘lga olishni rejalashtirgandi. Bu haqda hujum qilishda gumonlanuvchi, Istanbul harbiy akademiyasi kursanti Mehmet Jantaz ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “RBK”.
“Chiglida prezidentni tiriklayin qo‘lga olish maqsad qilib qo‘yilgandi. Bu haqda 27 kishidan iborat otryad vakillari operatsiya oldidan xabardor qilindi. Yeshildagi harbiy-havo bazasida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan to‘qnashuvga tayyor bo‘lish haqida aytilgandi”, – deb ma’lum qildi Mehmet Jantaz.
Hibsga olingan harbiy ushbu vazifani unga harbiy akademiyadagi kursdoshi, kapitan Ismoil Yigit qo‘yganini aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u va yana 13 harbiy Istanbuldagi Otaturk aeroportiga kelganida, ular Bosh shtab boshlig‘ining buyrug‘ini ijro etayotgani aytilgan. “Bizga ‘Marmaris’ mehmonxonasiga ketayotganimiz va u yerda berilgan buyruqni amalga oshirishimiz haqida ma’lum qilindi”, – deb tushuntirdi Jantaz.
Mehmet Jantaz bo‘lib o‘tayotgan voqealar maxsus operatsiya ekanligiga ishonchi komil bo‘lganini qo‘shimcha qildi.
16-iyulga o‘tar kechasi Turkiyada harbiy to‘ntarishga urinishga harakat qilindi. Harbiylar Istanbul va Anqarada bir qator davlat muassasalarini qo‘lga olib, “Marmaris” mehmonxonasiga hujum qildi, ammo Turkiya prezidenti mehmonxonani tark etishga muvaffaq bo‘ldi. Keyinroq mamlakat rahbari u 10–15 daqiqa o‘sha yerda ushlanib qolganida, o‘ldirib ketilgan bo‘lishini ma’lum qilgandi.
Anadolu agentligining xavfsizlik sohasidagi manbasiga tayanib ma’lum qilishicha, mehmonxonaga hujum qilgan harbiylarga “terrorchilarning muhim yetakchisi”ni qo‘lga olishga buyruq berilgan.
Izoh (0)