Toshkentda “Ishbilarmon ayol–2016” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘ldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi tomonidan qator tashkilotlar bilan hamkorlikda mamlakat mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlab “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida tashkil etilgan mazkur tanlov tadbirkor xotin-qizlar safini kengaytirish, ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Ilk marotaba tashkil etilgan mazkur tanlovning tuman, shahar va viloyat bosqichlarida 10 mingga yaqin tadbirkor, ishbilarmon va fermer ayollar o‘z loyihalari bilan ishtirok etdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan tadbirkor xotin-qizlarning loyihalari “Zamonaviy tadbirkor ayol portreti”, “Yilning muruvvatli ishbilarmon ayoli”, “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirayotgan fermer ayol”, “Tashabbuskor ayol” kabi yo‘nalishlarda saralanib, ularning 56 nafari yakuniy bosqichda ishtirok etdi.
Tadbirda xotin-qizlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.
G‘olib va sovrindorlarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.