G‘uzorning “Sho‘rtan” klubi aprel oyidan buyon bosh murabbiy vazifasini vaqtinchalik boshqarib kelayotgan Ixtiyor Karimovdan vaqtinchalik boshqaruvchi qo‘shimchalarini olib tashlashga qaror qildi. Bu haqda klub matbuot xizmat xabar berdi.
Unda Ixtiyor Karimov kelishi bilan omadsiz mavsumdagi ishlar birdan yurishib ketgani qayd etilgan. Buning natijasida “So‘g‘diyona”, “Andijon”, “Olmaliq”, “Obod”, “Paxtakor” kabi klublar mag‘lub etilgan.
“Sho‘rtan” rahbariyati jamoaning Oliy Liga birinchi davrasidagi ishtirokini yaxshi deb baholagan. Ayni vaqtda “Sho‘rtan” turnir jadvalida 11-o‘rinni egallab turibdi. Ishtirok yomon deb topilishi uchun “Sho‘rtan” qaysi pog‘onadan pastda bo‘lishi kerakligi ko‘rsatilmagan.
“Shunday qilib, so‘nggi uch-to‘rt oy davomida ‘Sho‘rtan’ jamoasiga yangi bosh murabbiy kelishi yoki xorijlik mutaxassislar ish boshlashi mumkin qabilidagi turli gap-so‘zlarga chek qo‘yildi”, deb yoziladi matbuot xizmati xabarida.
Bunga qadar vazifasini vaqtinchalik boshqarib turgan Ixtiyor Karimovning endigi vazifasi qancha davom etishi, shartnoma qanchaga mo‘ljallangani haqida ma’lumot berilmagan.
Izoh (0)