Rossiya Futbol Uyushmasi prezidenti Vitaliy Mutko tashkilot ijroqo‘mi yig‘ilishida mamlakat terma jamoasiga bosh murabbiy bo‘lishi mumkin bo‘lgan nomzodlarga to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda “Sport-ekspress” nashri xabar berdi.
Mutko 14 ta telekompaniya mikrofonlari qarshisida turar ekan, ijroqo‘m davomida Rossiya milliy terma jamoasiga bosh murabbiy tayinlanmasligi haqida jurnalistlarni ogohlantirdi. Uning aytishiga ko‘ra, payshanba kuni RFI texnik qo‘mitasi bu borada 4 nafar nomzodni tavsiya qilgan.
Nomzodlar orasidan Stanislav Cherchesev hamda Qurbon Berdiyev Mutko bilan muloqotda bo‘lib ulgurgan. Aleksandr Borodyuk hamda Sergey Semak ham Rossiya terma jamoasini boshqarishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy nomzodlar qatorida ko‘rsatilgan. “Sport-ekspress” so‘nggi ikki nomzod bilan suxbat qurilmaganini Mutkoning “Biz bosh murabbiy kim bo‘lishida yakdil qarorga kelishga ancha yaqinmiz” degan so‘zlari bilan izohlagan.
Vitaliy Mutko yangi murabbiy u bilan muzokaralar yakuniga yetganidan va moliyaviy masalalar to‘liq kelishib olinganidan so‘ng ma’lum qilinishini qayd etdi. Bu borada yakuniy qaror katta ehtimol bilan 30-iyul kuni e’lon qilinishi mumkin.
Rossiya milliy terma jamoasini qabul qilib olishi kerak bo‘lgan mutaxassis bir vaqtning o‘zida boshqa klubda faoliyat olib bormasligi ta’kidlandi. Texnik qo‘mita murabbiyning Rossiyadan bo‘lishi kerakligini ma’qul ko‘rgan. Bu narsa esa ehtimoliy muvaffaqiyatsizlik uchun Vitaliy Mutko shaxsan javob bermasligini, balki javobgarlik texnik qo‘mitaning bo‘ynida qolishini bildiradi.
Sentabr oyida Rossiya Futbol Uyushmasi prezidentligi uchun saylovlar o‘tkaziladi. Ijroqo‘mda Vitaliy Mutko unda ishtirok etish yoki etmasligi masalasiga oydinlik kiritmagan. Uning o‘rniga tayinlanishi mumkin bo‘lgan prezidentga amaldagi bosh murabbiy ma’qul kelmasligi ham mumkin. Shunga qaramay Mutko bu masalani tezroq hal qilishga bel bog‘lagan.
Mutko Rossiya termasining murabbiylar shtabi uchun 2 million 400 ming dollar ajratilishini ma’lum qildi. Chiqim bundan bir sentga ham ko‘p bo‘lmaydi. Bonuslar va mukofot pullari, tabiiyki, bunda aks etmagan.
Izoh (0)