UzReport TV telekanali UEFA Superkubogini sharhlab borish uchun “Match TV” telekanalining mashhur sharhlovchisi Yuriy Rozanovni taklif etdi. Bu haqda telekanalning rasmiy saytida xabar qilindi.
Joriy yilning 9-avgust kuni Norvegiyaning Tronxeym shahridagi “Lerkendal” stadionida UEFA Superkubogi uchun o‘yin bo‘lib o‘tadi. Unda Yevropa Chempionlar ligasi g‘olibi Madridning “Real” klubi Yevropa Ligasi bosh sovrini sohibi “Sevilya”ga qarshi maydonga tushadi. Avval xabar berilganidek, ushbu o‘yin UzReport TV telekanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda namoyish qilinadi.
Telekanalni Yamal 401 sun’iy yo‘ldoshi hamda “O‘zbektelekom” AKning “Telekom TV” IPTV xizmati orqali tomosha qilayotgan muxlislar, shuningdek, UzDigital abonentlari o‘yinni ikki tilda tomosha qilish imkoniyatiga ega.
O‘yin 23:45 da boshlanadi, UzReport TV esa translyatsiyani soat 22:45 dan boshlaydi.
Yuriy Albertovich Rozanov sharhlovchilik faoliyatini 1996-yil “NTV Plyus” telekanalida boshlagan. Asosan Gollandiya, Rossiya, Italiya va Ispaniya chempionatlari o‘yinlarini sharhlab borgan. 2015-yildan boshlab “Match TV” telekanalida faoliyat yuritmoqda. 2012-yil “Yilning eng yaxshi sport sharhlovchisi” sifatida Rossiyaning nufuzli TEFI mukofotini qo‘lga kiritgan.
Izoh (0)