Germaniya Federativ respublikasi maxsus xizmati tomonidan qo‘lga olingan myunxenlik “mergan”ning do‘sti, 16 yoshli o‘smir tergov ma’lumotlariga ko‘ra, fojiadan biroz avval jinoyat joyiga kelib, bosqinchi bilan uchrashgan. Bu haqda Myunxen bosh prokurori Tomas Shtaynkraus-Kox jurnalistlarga ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “TASS”.
Uning so‘zlariga qaraganda, bu haqda ularning WhatsApp onlayn-messenjeri orqali olib borgan yozishmalari guvohlik beradi. Qo‘lga olingan o‘smir uni o‘chirib tashlashga uringan, biroq politsiya yozishmani tiklashga erishgan.
Tergovchilar, shuningdek, o‘smir Ali Davidning quroli borligini bilganligini ta’kidlamoqda. Yigitlar o‘tgan yili ruhiy kasalliklar bo‘limida tanishgan.
O‘smir 24-iyul, yakshanba kuni qo‘lga olingan. 22-iyul, juma kuni savdo markazidagi otishma haqida ma’lum bo‘lishi bilan u politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib bosqinchini tanishini ma’lum qilgan. U so‘roq qilingan. O‘smir rejalashtirilgan jinoiy harakat haqida ma’lum qilmaganlikda gumonlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kelib chiqishi eronlik bo‘lgan 18 yoshli Germaniya fuqarosi Myunxendagi savdo markazida 9 kishini otib tashladi, keyin esa o‘z joniga qasd qildi.
Izoh (0)