Liviya shimoli-sharqidagi Bengazi shahrida boshidan otib o‘ldirilgan 14 kishining tanasi topildi. Bu haqda, AFP’ga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Aytilishicha, tanalar 21-iyul, payshanba kuni topilib, “Qizil yarim oy” vakillari tomonidan Bengazi tibbiy markaziga olib kelingan. Shifokor xulosasiga ko‘ra, barcha bir xil uslubda o‘ldirilgani ularning qatl qilinganidan dalolat berishi mumkin.
Hozircha jinoyatni kim va qachon oshirgani haqida ma’lumot yo‘q. Bengazi IShID, “Ansor ash-Sharia” singari terrorchi guruhlar o‘rnashgan hudud ekanligi inobatga olinsa, marhumlar jangarilar tomonidan qatl etilgani ehtimoli yuqori, deb hisoblamoqda OAV.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.