KXDR Tashqi ishlar vazirligi Koreya xalq armiyasining “Xvason” artilleriya qismi tomonidan o‘tkazilgan ballistik raketalarni uchirish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari yuzasidan AQSh rasmiylarining bayonotini yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan provokatsiya deb atadi. Bu haqda “Interfaks” xabar beradi.
“O‘z-o‘zini mudofaa qilish bo‘yicha eng adolatli javob choralarimizga nisbatan AQShning bu kabi bayonotlari biz uchun yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan provokatsiya hisoblanadi”, — deyiladi KXDR TIV rasmiy vakilining bayonotida.
Xabarda ta’kidlanishicha, “AQSh boshqalardan ayb topishga urinishdan avval o‘zlarining Janubiy Koreyaga turli xildagi strategik kuchlarni katta miqdorda keltirganligi va KXDRga nisbatan jiddiy xavf tug‘dirishda davom etayotganligiga nazar solishi kerak”.
“Agar AQSh, takroriy ogohlantirishlarimizga qaramasdan, Koreya yarim orolida olov bilan o‘ynashga jazm qilsa, ularga kechiktirilmaydigan, shafqatsiz va o‘limga olib keluvchi yadroviy zarba beriladi”, — dedi KXDR TIV vakili.
Izoh (0)